DXX Qashqadaryoning 3 ta tumanida yashovchi «Jihodchilar» oqimi tarafdorlari faoliyatiga chek qo'ydi

Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo'yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish doirasida bir nechta tezkor tadbirlar o'tkazildi.

Xususan, 1975 yilda Shahrisabz tumanida tug'ilgan “Q.G'.” 2017-2020 yillarda Rossiya Federasiyasida ishlashi davrida ijtimoiy tarmoqlar orqali “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimi (DEO) a`zolari ta`siriga tushib, ularni qo'llab-quvvatlaydi. Doimiy yashash manziliga qaytib kelganidan keyin, o'z atrofidagilarga ushbu oqim g'oyalarini targ'ib qiladi hamda 6 kishidan iborat noqonuniy guruh tashkil etadi.

Boshqa holatda esa 1995 yilda Kasbi tumanida tug'ilgan “T.M.” 2016-2021 yillarda mehnat migranti sifatida Moskva shahrida bo'lgan davrida diniy-ekstremistik va aqidaparstlik g'oyalari bilan yo'g'rilgan materiallarni ko'rib, ekstremistik oqim tarafdorlari ta`siriga tushib qoladi. Doimiy yashash manziliga qaytganidan keyin, ekstremistik mazmundagi materiallarini targ'ib qiladi. Shuningdek, u kelgusida uylanganidan so'ng, turmush o'rtog'i bilan birga Suriyadagi terroristik tashkilotlar safiga borib qo'shilishni rejalashtiradi.

Bundan tashqari, Mirishkor tumanida yashovchi, 1996 y.t. “T.J.” “Telegram” messenjerida profil ochib, u orqali DEO a`zolari tomonidan tayyorlanib, xalqaro internet tarmog'iga joylashtirilgan aqidaparastlik g'oyalari bilan yo'g'rilgan materiallarni virtual guruhdagi do'stlariga tarqatadi hamda ular bilan o'zaro muhokama qiladi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan qo'zg'atilgan jinoyat ishlari doirasida, ularning boshqa aloqalarini aniqlash bo'yicha ham tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here