«Qashqadaryoning yozilmagan Qonuni bormi?» Kattaqo'rg'on shahar hokimi Qashqadaryo hokimi ustidan arz qildi

Samarqand viloyati Kattaqo'rg'on shahar hokimi, senator Gavhar Alimovaning yozishicha, 2021 yil 28 dekabr- kuni «Marokand gold oil extraksiya» MChJ rahbari Saydin Ro'ziev hokimiyatga kelib, Respublika tovar va xom-ashyo birjasidan ochiq savdolar asosida sotib olingan 100 tonna chigit mahsuloti Qashqadaryodan Samarqandga kirish chegarasida YPX xodimlari tomonidan — Qashqadaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag'allikni qisqartirish masalalari bo'yicha birinchi o'rinbosari-viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig'i Erkaev Nodir Xudayberdievichning topshirig'i asosida ushlab turilganligini aytgan.

Shundan so'ng, hokim Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimovga murojaat qilgan. Ammo viloyat hokimi unga javob bermagan.

«Qashqadaryoning yozilmagan Qonuni bormi? Yo'q, albatta. Unda bu viloyatga mamlakatimizning barcha viloyatlarida amal qilinayotgan qonun va qoidalarga nega amal qilinmayapti?

Ma`lumki, muhtaram Prezidentimizning sa`y-harakatlari bilan tadbirkorlarga misli ko'rilmagan imtiyoz va e`tibor ortidan shu kasbni tutgan hamyurtlarimizning ishlari rivoj topyapti. Bundan esa yurtimiz yanada farovon, xalqimiz boy bo'lmoqda. Zero, yangi ish o'rinlari, yangi korxonalar bunyod etishda ishbilarmonlarimizning xizmatlari cheksiz.

Xususan, men rahbarlik qilib kelayotgan Kattaqo'rg'on shahrida ham tadbirkorlar katta loyihalarga qo'l urmoqdalar. Ulardan biri “Marokand gold oil extraksiya” MChJ bo'lib, tashkil etilganiga hech qancha vaqt o'tmay yuzga yaqin ish o'rnini yaratdi.

2021 yil 28 dekabr- kuni “Marokand gold oil extraksiya” MChJ rahbari Saydin Ro'ziev hokimiyatga kelib, Respublika tovar va xom-ashyo birjasidan ochiq savdolar asosida sotib olingan 100 tonna chigit mahsuloti Qashqadaryodan Samarqandga kirish chegarasida YPX xodimlari tomonidan Qashqadaryo viloyat hokimi birinchi o'rinbosari Nodir Xudoyberdievichning topshirig'i asosida ushlab  turilganligini aytdi. Shundan so'ng men Nodir Xudoyberdievichning telefon raqamini topib telefon qildim. Bir necha bor qilgan telefon qo'ng'iroqlarimga javob bermagandan so'ng SMS orqali telefonimni ko'tarishini iltimos qildim. Bir necha marta urinishlardan so'ng va nihoyat  Nodir Xudoyberdievich bilan telefon orqali bog'lanib chigit ortilgan yuk mashinalarini chegaradan o'tkazishga yordam qilishini iltimos qildim.   Nodir Xudoyberdievich “…opajon chigitni viloyat hokimi ruxsat bermasa chegaradan chiqara olmayman” dedi. Shundan so'ng viloyat hokimi Muratjon Berdialievichning telefon raqamini qiyinchilik bilan topib vaziyatni tushuntirdim va chigitni qo'yib yuborishini iltimos qildim. Viloyatning yangi hokimi esa “… masalani o'rganib chiqib ma`lum qilaman” dedi. Men umid bilan barcha tegishli hujjatlarni hokimning telegramiga tashlab berdim. Javob bo'lmagandan so'ng telegramiga va qo'l telefoniga SMS lar yozdim, afsuski hech qanday javob olishning iloji bo'lmadi.

Oradan 3 kun o'tib va nihoyat 2 yanvar- kuni tadbirkorga chegaradan yuk ortilgan mashinalarini olib ketishini so'rab Farhod va Jahongir deb o'zini tanishtirgan YPX xodimlari telefon qilishgan.

Tadbirkor S.Ro'ziev bundan xursand bo'lib, menga telefon qildi. Biroq, xursandchiligimiz uzoqqa cho'zilmadi. Tadbirkor menga telefon qilib YPX xodimlari viloyat hokimining birinchi o'rinbosari Nodir Xudoyberdievich ruxsat bermayotganligi vajidan yuk mashinalarini qo'yib yuboraolmasliklarini ma`lum qilgan.

Shundan so'ng men yana janob Nodir Xudoyberdievichga qo'ng'iroq qilganimda “…xozirgina viloyat hokimi bilan gaplashdim, chigitni qo'yib yuborishga hech qanday ruxsat yo'q” deb aytdi. “Opajon ming afsus men yuk mashinalarini qo'yib yuboraolmayman” dedi.

Men Jahongir ismli YPX xodimiga telefon qilib nega yuk mashinalarini qo'yib yubormayotganligini so'raganimda u “opa men topshiriqni bajaryapman ruxsat berishsa qo'yib yuboramiz” deb yaxshi muomila bilan tushuntirdi. Unda nega YPX xodimlari telefon qilgan? degan savol ochiq qolmoqda.

Men 100 tonna chigitni olib o'tish uchun 4 kun sarson bo'ldim. Achinarlisi murojaatimga va yozgan SMS larimga viloyat hokimi “ha” yoki “yo'q” deb javob berishi shunchalik ham qiyin bo'ldimi?! YAngi yil bayrami tadbirkorga, haydovchilarga va menga ham afsuski tatimadi.

Axir bitta shahar hokimi 100 tonna chigitni o'tkazish uchun 4 kun bezovta bo'lishini qanday izohlash mumkin? Men shaxsiy manfaatim uchun jon kuydirayotganim yo'qku…! Men bu murojaatimga umid bilan javob kutaman»,- deya yozdi Samarqand viloyati Kattaqo'rg'on shahar hokimi, senator Gavhar Alimova .


3 Izohlar

  1. Bu chiget boshka davlatga utayotganmidiki buncha sarsongarchilik xokim buva bunchalikmasda shuni yogini YAna Kashkadaryoga olib kelib sotadi ishlash kerak ishlash xokim bobo bulish oson emas

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here