Yil voqealari (2-qism)

«Nasafnews.uz» axborot sayti ijodkorlari tomonidan 2021 yilda tayyorlangan eng muhim, tanqidiy va tahliliy xabarlar ketma-ketligining 2-qismini tuzib chiqdik.

2021 yil, iyul-

Faoliyatimiz davomida joylarda sodir bo'lgan jinoyatlar tafsilotiga ham alohida urg'u berdik. Jumladan, «Butun qishloq yig'ladi». Chiroqchida jasadi topilgan 25 yoshli san`atkor yigitning yaqinlari qotillikda homilador qizning otasini ham ayblamoqda nomli maqola va videoko'rsatuv kuzatuvchilar tomonidan eng ko'p ko'rildi.

Gap shundaki, Chiroqchi tumanida 2021 yil 25 iyun- kuni mudhish jinoyat sodir bo'lgan. Tumanning Langar mahallasi To'laqul qishlog'ida 1996 yilda tug'ilgan, 25 yoshli J.N. ning jasadi topilgan. Ayrimlar yigitning qotili uning sobiq sevgilisi ekanini aytmoqda.


«Kitob tumanida o'qituvchi pichoqlandi» deb nomlangan xabarda o'zini Gavhar Aqqo'zieva deb tanishtirgan ayol pichoqlanganini, IIB nozirlari ushbu holatga e`tibor qaratmayotgani haqida murojaat qilgandi.

«74-maktabdan uyga qaytayotgan edim. Maktabning orqa darvozasidan chiqishim bilan shu qishloqda yashovchi A.O. tashlandi. Eski televizorlarning qora oyog'i bilan urgani uchun yiqildim. Yiqilganimda ikkala oyog'imga pichoq urdi» ,- deya gapirib berdi o'qituvchi voqeani.

Keyinchalik IIB ushbu holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atdi.

Iyul- oyida tadbirkorlarning murojaatlariga ham e`tibor qaratildi. «Mirishkor tuman hokimligi va obodonlashtirish boshqarmasi tadbir qilish, xizmat uyini jihozlash va mebellar olish uchun tadbirkordan qarz bo'ldi» nomli maqolada «Nasaf Express Baraka Savdo» MChJ rahbari, tadbirkor Mirabbos Rahimovning ovvora bo'layotgani hikoya qilinadi.

«Mirishkor o'rtasidagi cho'lda dengizni eslatuvchi ko'l bor» nomli fotomaqola ham kuzatuvchilarimiz tomonidan iliq kutib olindi. Maqolada Mirishkorning Pomuq shaharchasi hududida joylashgan Sechanko'l va Achinko'lning o'ziga xos jozibasi haqida hikoya qilinadi.

2021 yil, avgust.

Avgust oyining boshida Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi ayol keksa onasi bilan qo'pol munosabatda bo'lib, unga qo'l ko'targani haqidagi video tarmoqlarda keng tarqaldi. Keyin esa ayol «nega hokimiyat vakillaridan pul so'ramading?!» – deb onasini tahqirlagani ma`lum bo'ldi.

Keyinchalik nogiron keksa ayolga himoya orderi berildi.

Avgust oyida tibbiyot maskanlaridagi vaziyatlarga ham e`tibor qaratdik. «YAkkabog' TTBga qarashli erto'lada joylashgan bo'lim nurab bormoqda» nomli maqola va videoda YAkkabog' tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli ko'p tarmoqli poliklinikaning 2-filiali rentgen bo'limi achinarli ahvolga kelib qolgani hikoya qilingan.


«Qarshining qoq markazida daraxtlarga «hujum» uyushtirilmoqda«, «Qarshida tadbirkor hech kim bilmasligi uchun yarim tunda daraxt kesdi» nomli xabarlarda esa Qarshi shahrida tadbirkorlar tomonidan daraxtlar noqonuniy kesilayotgani tanqid ostiga olinadi.

Sayt muxbirlari holat yuzasidan mulohazalari va ekologiya boshqarmasi xulosalarini taqdim etadi.

Avgust oyida ham jinsiy zo'ravonlik qurboni bo'lgan qizlarning murojaatiga e`tibor qaratdik. «YAxshi ko'rgan yigiti tomonidan zo'rlangani aytilayotgan qarshilik 18 yoshli qiz o'z joniga qasd qildi» nomli xabarda qiz 2002 yilda tug'ilgan yigit Q. Sh ning qarindoshini uyiga borgani, u erda yigit uning nomusiga tekkani, uyqu dori berib majburlagani va yalang'och holatda suratga tushirib olganini hikoya qilib beradi.

Voqealardan ezilgan  2003 yilda tug'ilgan qiz J. Sh. ko'p miqdorida dori iste`mol qilib, o'z joniga qasd qilishga uringan.

Keyinchalik Bosh prokuratura matbuot kotibi bayonot berdi. Mazkur jinoyat ishi qo'zg'atishni rad qilish qarori Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida o'rganilgan. Ma`lum qilinishicha, jinoyat ishi qo'zg'atishni rad qilish to'g'risidagi qaror Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan o'rganib chiqilgan va 27 iyul- kuni bekor qilingan.

«Mirishkor tumani IIB boshlig'i o'rinbosari lavozimidan ozod etilgan. Uning noqonuniy ekani aytilayotgan ishlarini prokuratura o'rganmoqda» nomli maqolada mirishkorlik sobiq profilaktika inspektorlarining murojaatlari e`lon qilingan.

Shikoyatchilarning so'zlariga ko'ra, o'rinbosar firibgarlik yo'li bilan daliliy ashyolar asosida qo'lga olingan.

«Nishonda istirohat bog'ining qarovsiz va ta`mirtalabligi mojaroga aylanmoqda» nomli maqolada tumandagi Nuriston shaharchasida joylashgan istirohat bog'ining ayanchli holati tanqid ostiga olingan.

«Snos» sabab 11 yildan buyon ko'chada qolgan ayolning zor yig'lashiga yuraklar eziladi. Ammo, Qashqadaryoda uni tinglashni istaydigan amaldorning o'zi yo'q nomli maqolada esa 2011 yilda amaldorlarning va`dasiga ishonib, ko'chada qolgan ayol taqdiri hikoya qilinadi.

12 sotixli uy-joyi buzilib, o'rniga  S. YUldashevaga va`da qilingan 4 ta uydan bor-yo'g'i 2 ta 2 xonali uy berishgan. Bu ham mojaroli. Ayol esa ko'chada tunab qolishga majbur bo'lgan. «Nasafnews» tomonidan tayyorlangan xabarlardan so'ng, viloyatning sobiq hokimi Z.Mirzaev ayolga uy sovg'a qildi.

«Muborakda sobiq mahalla raisi kaltaklanib, dalaga tashlab ketildi«. Avgust oyida yoritilgan murojaatda Muborak tumanidagi «Ko'hna shahar» mahallasida qo'y boqib yurgan sobiq mahalla raisi Jo'ra Sultonovni hamqishlog'i kaltaklab ketgani ma`lum qilingan.

Shuningdek, IIB va sud zo'ravonga yon bosgani, ota va qizni nohaq aybdor qilgani aytiladi.

«Qamashi hokimi «o'yin» ko'rsatishga ustami? U rasm tushish uchun sportchiga sovg'a berib, keyin qaytarib oldi» nomli xabarda qamashilik sportchini ovvora qilishgani yoziladi.

G'uzor tumani «Qovchin» mahallasi mana bir necha yillardan buyon ta`mirtalab va qo'rqinchli ahvolga kelib qolgan binoda faoliyat ko'rsatmoqda. Bu haqda «Fototanqid: G'uzordagi mahalla qo'rqinchli binoda faoliyat ko'rsatmoqda» nomli xabarda batafsil hikoya qilingan.

«G'uzor tumani hokimligi qo'rqinchli mahalla binosi ta`mirlanishini ma`lum qildi. Dolli Allaev esa jim» deya nomlangan xabarda esa hokimlikning bu xabarga bergan munosabati yoziladi.

2021 yil, sentyabr-


Sentyabr- oyida ham joylarda sodir bo'lgan muhim voqealar tafsilotiga e`tibor qaratdik.
«Qamashida 28 yoshli erkak 12 yoshli qizni yarim tunda o'g'irlab ketib, zo'rlamoqchi bo'ldi» nomli xabar kuzatuvchilarning g'azabini uyg'otdi. Bu ishni qilgan erkak lanatlandi.

Gap shundaki, 1993 yilda tug'ilgan erkak Sh.K. qizning o'z hovlisi supasida uxlab yotgan vaqtda ko'rpaga o'rab, paxta dalasiga o'g'irlab qochgan.

Keyinchalik Jinoyat ishida gumon qilinuvchi Sh.K O'zbekiston Respublikasi JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Sentyabr- oyida odamlarni ko'p yillardan beri qiynab kelayotgan yana bir qator muammolar haqida yozib chiqdik. «Qarshida qurilgan zavod tufayli odamlar yashab turgan uylarini tashlab ketishga ham rozi. Ular badbo'y hiddan aziyat chekmoqda» nomli maqola bunga misol. Qarshi shahar Shayhali mahallasi Koson yo'li ko'chasida joylashgan zavoddan chiqayotgab badbo'y hid va undan aziyat chekayotgan fuqarolar murojaati kun mavzusida aylandi.

Qayta-qayta yozilgan murojaatlarga nihoyat viloyatning sobiq hokimi e`tibor qaratdi va zavod faoliyati to'xtaldi. Uning atrofidagi chiqindi suvlari to'kilgan zovur esa ko'mib tashlandi.

Sentyabr- oyining oxirlarida e`lon qilingan yana bir murojaat ko'pchilikning diqqat-markaziga tushdi. «Dehqonobodda o'qituvchi ota 2 yoshli o'g'lini urib, uning ko'zlarini o'yib olishga harakat qildi» nomli video va maqola jamaotchilikni jiddiy tashvishga ham soldi.

Gap shundaki, Dehqonobod tumani Terakli qishlog'ida istiqomat qiluvchi 1980 yilda tug'ilgan fuqaro D. Sh. o'zining 2019 yilda tug'ilgan o'g'li Humoyun Eshqobilovning joniga qasd qilishga uringan. Bola esa og'ir ahvolda shifoxonaga tushdi.


2021 yil, oktyabr-

Bu oyda ham saytimizda tadbirkorlarning murojaatlari e`lon qilindi. «MIBning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi ustimdan kulyapti». Qarshi tumanilik tadbirkor o'z pulini ololmay sarson bo'lmoqda nomli maqola va videolavhada tadbirkor Zafar Xoliyorovning murojaati hikoya qilinadi.

Maqolada Qashqadaryoda MIB sudning qarorini qonunga zid demoqda. Sud MIBning ishini haqiqiy emas deb topmoqda. Ularnig bu murosasiz «jangi» tufayli tadbirkor aziyat chekmoqda degan g'oya ilgari suriladi.

Oktyabr- oyida saytimiz ijodkorlari 17 mlrd so'mga ta`mirlangan viloyat musiqali drama teatrining holati haqida tahliliy maqola ham tayyorladi.

«Qashqadaryo viloyati hokimligi tantana bilan ochilgan teatrga yana pul ajratdi» nomli maqolada teatr atrofidagi barcha gap-so'zlar va ochiq qolayotgan savollar yozilgan.

«Chiroqchi tumani hokimligi aytadi ham qaytadi ham: Tuman hokimining DXX xizmat uyiga pul ajratish to'g'risidagi qarori bekor bo'ldi» nomli xabarda Chiroqchi hokimligining e`lon qilayotgan mantiqsiz qarorlari haqida so'z boradi.

2021 yil, noyabr-.

Noyabr- oyida Nishon tumanidagi bog'chadagi axloqsiz harakatlar, ya`ni, mudira va yordamchi tarbiyachining janjali keskin muhokamalarga sabab bo'ldi.

Keyinchalik «Nasafnews» muxbiri mazkur voqea tafsilotlarini batafsil o'rganish maqsadida janjal ishtirokchilari – bog'cha mudirasi va yordamchi tarbiyachidan interv-yu oldi. Holat haqida maxsus videolavha tayyorlandi.

Noyabr- oyida tibbiyot xodimlarining murojaatlari haqida ham tanqidiy maqola tayyorlandi.
«Chiroqchida COVID-19 poliklinikasida ishlagan tibbiyot xodimlari sarson qilinmoqda» nomli maqola bunga misol.

Gap shundaki, «Nasafnews»ga shikoyat bilan chiqqan 20 nafarga yaqin tibbiyot xodimlarining aytishicha, 2021 yilning yoz oyida COVID-19 poliklinikasi tashkil qilingan. Poliklinikada koronavirus kasalligiga gumon qilingan va bu kasallik alomatlari bor bemorlarga tunu kun tibbiy xizmat ko'rsatilgan. Ammo xodimlarning 6 foizlik qo'shimcha ish haqlari berilmagan. Mazkur tanqiddan keyin xodimlarning ish haqlari to'lab berildi.

Bu oyda biz Qarshi va Kasbi tumanini bog'lab turuvchi Qarshi tumani hududidagi markaziy yo'lning abgorligi haqida bir necha xabarlarni e`lon qildik.

Nihoyat qayta-qayta yozilgan tanqidiy xabarlarga Qashqadaryo viloyat avtomobil- yo'llari bosh boshqarmasi munosabat bildirdi va yo'l ta`mirlash ishlari boshlanganini ma`lum qildi.

Noyabr- oyida e`lon qilingan «Qarshidagi bog'cha rahbariyati tekshiruvchilardan bolalarni yashirib, hojatxonaga qamab qo'ydi» nomli xabar ham keskin muhokamalarga sabab bo'ldi. Holat Qarshi shahridagi 32-Davlat maktabgacha ta`lim tashkilotida sodir bo'lgan. «Nasafnews» holat yuzasidan tahliliy videoreportaj tayyorladi.


Reportajdan va maqoladan so'ng, bog'cha mudirasi va boshqalarga jinoyat ishi ochildi.


2022 yil, dekabr-.

Dekabr- oyida Mirishkor tumanining eng chekka hududlaridan biri – «Do'stlik» mahallasida joylashgan tibbiyot maskani xarob ahvolga kelib qolgani, qishloq vrachlik punkti qisqartirilib, aholidan uzoqda joylashgan boshqa poliklinikaga qo'shib yuborilgani, oqibatda e`tiborsiz qolgan mahalladagi 2 qavatli shifo maskani nurab borayotgani haqida tanqidiy ko'rsatuv tayyorladik.

Ko'rsatuvdan keyin 2022 yilda mahalliy byudjet mablag'lari hisobidan mazkur binoni joriy ta`mirlash rejalashtirildi.


Bu oyda «Nasafnews» muxbirlari Qarshi shahar Shodlik mahallasida joylashgan 2-sonli yotoqxonaning ahvoli haqida reportaj tayyorladi.

Reportajda nogironlar va imkoniyati cheklangan, hech kimi yo'q fuqarolar Qarshi shahar hokimi va hokimlik mutasaddilaridan norozi ekani, kundan-kunga xarob ahvolga kelib qolayotgan yotoqxona va unda yashaydigan odamlarning muammosini hech bir davlat tashkiloti mas`ullari tinglamagani hikoya qilingan. Voqea haqida sayt tomonidan e`lon qilingan suratlar va videolar bir zumda barcha tarmoqlarga tarqalib ketib, keskin muhokamalarga sabab bo'ldi. Kechga borib, holatga shoshma-shosharlik bilan munosabat bildirgan Qashqadaryo viloyati hokimligi hammasida muammo haqida xabar qilgan jurnalistlarni ayblab chiqdi. Ammo bu bilan hokimlik katta xatoga yo'l qo'yganini keyinchalik tushunib etdi.
Keyinchalik sayt tomonidan «Yotoqxonadan ko'chirilmadik». «Nasafnews» tanqididan keyin Qarshidagi xaroba yotoqxonada ta`mirlash ishlari boshlandi nomli xabar e`lon qilindi.
Viloyatning amaldagi hokimi ham bu muammoga e`tibor qaratib, yotoqxona yuzasidan qattiq tashvishga tushganini aytdi.



«Qashqadaryoda sanoat zonasida qurilish qilgan yosh tadbirkorlarni aldashdi. Ular viloyat hokimining birinchi o'rinbosaridan norozi» nomli maqolada ham bir guruh yosh tadbirkorlarning muammosi hikoya qilindi va viloyat hokimi o'rinbosari xatti-harakati tanqid ostiga olindi.


Dekabr- oyida bir guruh fermerlarning murojaati ham saytda e`lon qilindi.
«Tanzila Norboeva Mirishkor hokimining qonunga zid qarorini bekor qildi. Ammo qaror faqat qog'ozda bekor bo'ldi, amalda esa ko'plab fermerlar aziyat chekmoqda» nomli maqolada tumandagi Do'stlik mahallasida faoliyat olib borgan fermerlarning haq-huquqlari hali tiklanmagani haqida so'z boradi.

Muxtasar aytganda, «Nasafnews» yil davomida o'z o'quvchilariga muhim xabarlarni etkazish uchun har kuni izlanishda bo'ldi. Muhimi, biz yozib chiqqan muammolar bartaraf etila boshlandi. Murojaatlar ijobiy hal etildi. Aslida ko'zlangan maqsad ham shundan iborat edi.

Mavzuga doir: Yil voqealari (1-qism)

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here