«O'quvchilar o'quv yilini kitobsiz boshladi». Senatda Zoyir Mirzaevning hisoboti tanqidiy muhokama qilindi

O'n to'qqizinchi yalpi majlisda Qashqadaryo viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish haqidagi hisoboti eshitildi. Senat Ishchi guruhi tomonidan viloyatni kompleks rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o'rganish yakunlari ham batafsil muhokama qilindi.

Ma`lum bo'lishicha, 2021 yilgi Investisiya dasturi doirasida ba`zi qurilish-ta`mirlash ishlari belgilangan muddatdan ortda qolmoqda. 10 sentyabrga qadar yakunlanishi belgilangan Qarshi tumanidagi 26-sonli maktabgacha ta`lim tashkilotida rekonstruksiya ishlari 29 foizga bajarilgan. 10 oktyabrgacha foydalanishga topshirilishi belgilangan Qarshi tumani “Botosh” dahasidagi 4 qavatli yangi maktabning hatto birinchi qavatini qurish ishlari hanuzgacha yakunlanmagan.

YAna bir jihat. Viloyatdagi kichik sanoat zonalarining mavjud imkoniyatlaridan to'liq foydalanilmayapti. Xususan, faoliyati boshlangan korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksporti yo'lga qo'yilmagan.

Dehqonobod tumanida etarli shart-sharoitlar mavjud bo'lsa-da bugungi kunga qadar kichik sanoat zonasini tashkil etish choralari ko'rilmagan. Nishon, YAkkabog', G'uzor, Mirishkor, Muborak, Shahrisabz tumanlari va Shahrisabz shahrida tashkil etilgan 10 ta kichik sanoat zonasini tashqi muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari bilan ta`minlash bo'yicha qurilish-montaj ishlari amalda boshlanmagan.

Viloyatdagi umumta`lim maktablari uchun respublika “Transport va logistika xizmati” DUK tomonidan 46 foiz darsliklar etkazib berilgan, xolos. Ushbu darsliklar jamlanmasining 24 foizi to'liq bo'lmaganligi bois omborxonada saqlanmoqda, buning natijasida o'quvchilar o'quv yilini kitobsiz boshladi.

2021 yilgi Investisiya dasturi doirasida viloyatdagi 93 ta umumta`lim maktabini jihozlash belgilangan bo'lib, shundan 36 tasiga mebel- va jihozlar qisman etkazib berilgan, qolgan 57 tasiga esa umuman etkazib berilmagan.

Hududda 2021 yil 1 sentyabr- holatiga ko'ra, 3 ming 108 ta jinoyat sodir etilgan bo'lib, ushbu ko'rsatkich o'tgan yilning shu davriga nisbatan 70 foizga ortgan. Sodir etilgan jinoyatlardan 1 ming 828 tasining (shundan 963 tasi mahallada sodir etilgan) yoki 58,8 foizining oldini olish mumkin bo'lgan jinoyatlar tashkil etgan.

Majlisda o'rganish yakunlari xalq deputatlari viloyat Kengashining 2021 yil 13 sentyabrdagi sessiyasida tanqidiy muhokama etilganligi, unda viloyat darajasidagi muammolarni hal etish bo'yicha alohida “Yo'l xaritasi” tasdiqlanganligi qayd etildi.

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here