Бош саҳифа » ТАҲЛИЛИЙ » Biznes-ombudsman aralashuvi bilan tadbirkorga qo‘llanilgan jarima bekor qilindi
Biznes-ombudsman aralashuvi bilan tadbirkorga qo‘llanilgan jarima bekor qilindi
25 апр 2026
210
ТАҲЛИЛИЙ / МАҲАЛЛИЙ
Qashqadaryo viloyatida faoliyat yurituvchi “K.S.” MChJ rahbari qonuniy manfaatlarini himoya qilishni so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, Qashqadaryo viloyati transport boshqarmasi jamiyatni go‘yoki avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish faoliyati uchun litsenziyasiz faoliyatni (harakatni) amalga oshirganlikda ayblab, BHMning 300 baravari (123 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llagan. Vaholanki, tadbirkorning cheklanmagan muddatli litsenziyasi mavjud bo‘lgan.
Shu sababli, Biznes-ombudsman tomonidan jarima solishga oid qarorni haqiqiy emas deb topish haqida Qarshi tumanlararo ma’muriy sudiga ariza kiritildi. Sud arizani qanoatlantirib, 123 mln so‘mlik jarima solish haqidagi qarorni haqiqiy emas deb topdi.
Bundan tashqari, viloyat transport boshqarmasi MChJning litsenziyasini butunlay bekor qilish da’vosi bilan sudga murojaat qilgan. Nizoga ikkita «Damas» avtomashinasining litsenziya varaqalari muddati o‘tgani sabab bo‘lgan.
Biroq tekshiruvda quyidagilar ma’lum bo‘ldi: litsenziya varaqasini yangilash vaqtida Transport vazirligi bazasi yangi serverga ko‘chirilayotgan bo‘lgan. Texnik nosozliklar tufayli my.gov.uz orqali ariza berishning imkoni bo‘lmagan (bu vazirlikning rasmiy xabarlari bilan tasdiqlangan). Tadbirkor tizim tiklanishi bilan, belgilangan muddatdan avval barcha kamchiliklarni bartaraf etib, litsenziya varaqalarini olgan.
Shuningdek, Transport nazorati inspeksiyasi hududiy bo‘limi tomonidan berilgan yozma ko‘rsatmada kamchiliklarni bartaraf etish uchun 18.11.2025-yilgacha muddat berilgan. Tadbirkor ushbu talabni 10.11.2025-yildayoq bajargan bo‘lsa-da, oradan 5 oy o‘tib transport boshqarmasi litsenziyani bekor qilish uchun sudga da’vo kiritgan.
Biznes-ombudsman devoni xodimi tomonidan taqdim etilgan dalillar asosida Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi J.Ibragimov boshqarmaning arizasini rad etish haqida adolatli qaror chiqardi.