Qarshida qurilgan zavod tufayli odamlar yashab turgan uylarini tashlab ketishga ham rozi. Ular badbo'y hiddan aziyat chekmoqda

748

Qashqadaryoda sobiq hokimlardan biriniki deb aytilayotgan terini qayta ishlash zavodi atrofidagi shov-shuvli muammolar bugun xalq muhokamasida “trend”ga chiqdi. Izohlar-ku o'z yo'liga, ammo badbo'y hiddan aziyat chekayotgan jabrdiyda xalqqa qanday yordam berish haqida bosh qotirish mana bu – eng asosiysi.

Viloyat hokimi, shahar hokimi, Virtual qabulxona, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi. Bu murojaatlar manzili va zanjiri. Ammo, yuqoridagi tashkilotlardan tayinli sas-sado chiqmagach, aholi so'nggi umid sifatida OAVga murojaat yo'llaydi.

Buzilgan ekologiyaning nosoz ob-havosi

Koson tumanidan Qarshi shahriga kirib kelaverishda yoki aksincha shahardan yo'nalishi shu tomon bilan boshlanadigan Koson, Muborak tumanlari va Buxoro viloyatiga ketaverishda Qarshi shahri, Shayxali shaharchasi, Koson yo'li ko'chasida joylashgan JV “Qarshi Leater” MChJ, O'zbekiston-Rossiya-Xitoy qo'shma korxonasidan chiqayotgan badbo'y hiddan ko'ngli aynimagan odam bo'lmasa kerak. Agar piyoda bir necha kilometr shu atrofdan yurib o'tsangiz, sassiq hiddan nafas olishga qiynalib yurasiz. Biz-ku, bir necha daqiqa yoki soniyada bu erdan mashinada o'tib ketamiz, ammo shu erda yashovchi xalqni ko'z oldingizga bir keltirib ko'ring. Eng achinarlisi esa, shahar hokimligi tomonidan kam ta`minlangan oilalarga 2 sotixlik uy-joy qurish uchun ajratilgan er ham shundoqqina zavodning orqa tomoni, aniqrog'i, kimyoviy chiqindi to'kiladigan zovurning yonginasidan ajratilganiga nima deysiz? Bu savolga shahar hokimligining “shahar infratuzilmasidan” joy qolmaganini vaj qilishini avvaldan bilganimiz uchun “tayyor bahona”ga indamay qo'ya qoldik.
“Hal qilamiz, faqat sizlar ko'tarilmanglar” deyishdi. Bari befoyda. Hammasi “yopilib” ketadi.

Bu borada bizga shu erlik aholi nomidan bir guruh ayollar murojaat yo'llashdi.
Malohat Sattorova (murojaatchi):
“Bu erda yashayotganimizga 12 yil bo'ldi. Mana shu badbo'y hidning dastidan bir biz emas, Uzunnavo, Ko'chkak, Pistakent, Koson, Qarshi tumanlarining ayrim mahallalari, To'qmang'it, Boyterak va hokazo va hokazo mahallalari aholisi ham bezor. O'zi shundoq ham ekologiya buzilgan. Na viloyat, na shahar hokimi, na mahallamiz raisi shuncha murojaatlarga qaramay, “holing nima?” deb so'ragani yo'q. Teriga ishlov berish natijasida chiqayotgan sassiq hidga toqat qilib bo'lmaydi. Ishonsangiz, badbo'y hid uyimizdagi kiyim-kechaklarimizgacha urib qolgan. Nafas olib bo'lmaydi. Birovnikiga mehmonga borsangiz uyalasiz. Uyimizga birov kelsa uzoq o'tira olmaydi. Bolalarim yosh. Bu ketishda kelajakda astma orttirib olmasa deb qo'rqaman ”.



Nilufar Shodmonova: (murojaatchi):
“Ikki nafar nabiram bor. Ikkalasi ham kech bo'ldi deguncha shu hidning ta`siridan egan ovqatini qayd qilib qoladi. Ikkalasida ham allergiya bor. Tinimsiz ko'zi yoshlanadi. O'zim nafaqaxo'rman. Ayniqsa, kechqurunlari shu hiddan qon bosimim oshib ketadi. Tinimsiz davolanishga pul yo'q. (Kollektor) zovurdagi chiqindi suvdan ko'ngli aynimagan odam yo'q. Katta quvur o'tgan, Beshkent tarafga suv oqib ketadi deyishgandi. Buyam yolg'on. Hech qanaqa “truba” o'tmagan. Biz bir-ikki marta tinimsiz tashkilotlarga ariza bilan chiqavergach, kunduzi ishlamay, faqat kechasi ishlaydigan bo'lib qolgandi. Ayniqsa, yoz vaqtlari uylarimizning ichiga kirib qoladi shu hid. Ochib qo'ysak ham chiqib ketmaydi.”



Madina Xudoyorova (murojaatchi): “O'zim hamshiraman. Shu erda 10 yildan buyon yashayman. Qo'shnilarimning gaplarida jon bor. Bizda eng keng tarqalgan kasallik bu – allergiya. Chunki asosan kechqurun zavoddan chiqayotgan zaharli hid ta`sirida ko'pchilik qatori men ham tumovmi yoki oddiy shamollashmi bilish uchun mutaxassisga uchraganida haqiqatdan ham atmosfera tarkibidagi oltingugurt moddasi tufayli allergiyam qo'zg'aganini bildim. Necha marotaba davolanaman. Foydasi yo'q. Vaqt o'tib, dori ta`siri ketgach, yana shu xuruj boshlanadi. Bizga necha marotaba “hal qilamiz, faqat sizlar ko'tarilmanglar” deyishdi. Bari befoyda. Hammasi “yopilib” ketadi ”.


JV “Qarshi Leater” Ekologiyaning ko'rsatmasiga “zor”mi?

Badbo'y hiddan bezor xalq nima qilardi? Albatta birinchi navbatda Qashqadaryo viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga murojaat qiladi-da. Xo'sh, bunga ekologiya nima deb javob berdi? Keling, yaxshisi boshqarmaning javob xatidan ba`zi satrlarni xukmingizga havola qilsak.

“O'rganish davomida, JV “Qarshi Leater” QK, MChJdan chiqayotgan oqova suvdan hamda mahalladagi xonadonlar atrofidan “Ekolab” gazoanalizator asbobi yordamida namunalar olinib, kimyoviy tahlil ishlari olib borildi. Tahlil natijasiga ko'ra, Atmosfera havosi tarkibida oltingugurt angidridi, oqova suv tarkibida esa bir necha ifloslantiruvchi moddalar borligi belgilangan ruxsat etilgan me`yor konsentrasiya miqdori (PDK) dan yuqori ekanligi aniqlandi. Ushbu o'rganish natijasiga asosan “Qarshi Leater” QK MChJ boshlig'i nomiga ko'rsatmanoma berildi”.

Bundan avval mazkur muammo bilan bir necha bor O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishon telefoni”ga, viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi va bir qator boshqa yuqori tashkilotlarga murojaat yo'llagan Malohat Sattorova korxonadan quyidagicha javob oladi:

“Hozirda korxonamiz tomonidan yomon hid chiqarishi va yon atrofdagi aholi o'rtasida e`tirozlar chiqishiga sabab bo'lmasligi uchun mazkur kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida korxonamizga eng yaqin shahar kanalizasiya tarmog'iga 10 kilometr quvur tortib ulanish chorasi ko'rilmoqda.
… qayta ishlangan sanoat chiqindisini doimiy ravishda shahar kanalizasiya tarmog'iga oqizishga ruxsat olish uchun tegishli tashkilotlarga murojaat qilindi”.

Xo'sh, aytilgan 10 kilometrli quvur qachon tortiladi? 15-iyul 2020 yilda berilgan javob xatiga qarab, tahlil natijalariga ko'ra, sanoat chiqindilarning me`yoridan ortiqligi isbotlangan (bu hayot uchun xavfli) bo'lsa-da, doimiy ravishda kanalizasiya tarmog'iga oqizishga ruxsat beruvchi tashkilotlarning “ruxsat”ini kutib o'tirishgan emish. Xo'sh, ular ruxsat berisharmikin? Menimcha, allaqachon ruxsat berib bo'lingan. Chunki, o'sha badbo'y hid atrofga tarqalishda davom etayapti. Kunduzimi, kechasimi nima farqi bor? Shu hududlarda odam yashaydi-ku. YAnayam suvning, havoning zararli moddalar bilan ifloslanishi isbotlansa-da, yuqorida sanalgan mahallalarda yashovchi qanchadan-qancha odamlarning salomatligiga putur etsa etaversin. Muhimi, ishlab chiqarish to'xtab qolmasin. Qolgani bir gap bo'lar. Xullas, qo'shma korxonaning beparvolarcha bergan javobidan shunaqa xulosaga keladi kishi.

Shu o'rinda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi laboratoriya bo'limi boshlig'i Jasur Damaev masala yuzasidan quyidagilarni ma`lum qildi: “Avvalo, bizning tashkilotimiz aholi salomatligi uchun javobgar emas. Buning uchun Sog'liqni saqlash vazirligi va “SES” xulosa beradi. Bizning vazifamiz atmosfera tarkibi va atrof-muhitga chiqayotgan zararli moddalarni aniqlashdan iborat.
Bundan tashqari, biz zavod hududiga to'g'ridan-to'g'ri tekshirish olib borish uchun kirib bora olmaymiz. Buning uchun Ombudmanning ruxsati kerak. Lekin shunga qaramay, aholidan tushgan ketma-ket murojaatga binoan olib borilgan tekshiruv natijasida shu ma`lum bo'ldiki, haqiqatdan ham mazkur zavoddan chiqayotgan kimyoviy chiqindilar ta`sirida ob-havoda katta miqdorda belgilangan me`yordan ortiq zararli moddalar bor. Buning natijasida inson ham, tirik o'simlik dunyosi ham kislorod bilan to'liq nafas ololmaydi. Turli kasalliklarning kelib chiqishiga ham sabab bo'ladi. O'tgan yilda qo'shma korxona mazkur holat bo'yicha 350.000000 (Uch yuz ellik million) so'mlik jarimaga ham tortildi”
.


Ko'zbo'yamachilik ham evi bilan-da, amal qilinmaydigan “ko'rsatmanoma” ni “yopish uchun” korxona qancha jarimaga tortildi?

Mayli, shu korxona jarimaga ham tortilgandir. O'sha jarimani to'lab ham bergandir. Garchand bunaqa katta korxona uchun bu kabi jarimalar arzimas sanalsa-da ammo, aholining murojaat qilishidan maqsadi bu emas-ku. Axir mahalliy aholi davlat byudjetiga to'langan jarimadan o'zi uchun toza havo sotib ololmaydi-ku. Yoki belgilangan jarima ma`naviy zarar sifatida aholiga bo'lib berilmaydi-ku. Hech qursa, shu korxonaning badbo'y hid chiqarishini, suvga zararli moddalar oqizishini to'xtatib bermaydi-ku. Istalgan xorijiy davlat qonunchiligida bu kabi holatlar kichik jarima jazolari bilan qutulib qolmaydi. Balki, ishlab chiqarish zarurati inson omilidan, uning hayoti va salomatligidan ustun qo'yilmaydi. Nahotki, hamma sohada “chet el tajribasi”, “chet el namunasi”dan o'rnak olishga chaqirgan ishbilarmon vakillar bu narsada oqsasa? Yoki bu masala ular uchun “o'gay”mi? Dolzarbliligini inobatga olganda faqat moddiy jarima bilan qutulib qolish adolatdanmikin? Umuman, birgina “ko'rsatmanomani yopish uchun” korxona qanchaga tushgan ekan, a?

“Korxonadan hech qanaqa badbo'y hid chiqmaydi”

Mavzu yuzasidan JV “Qarshi Leater” qo'shma korxonasi rahbariyatidan izoh olish uchun borganimizda kutilganidek, korxona rahbari yoki o'rinbosari emas, balki o'zini ish yurituvchi deb tanishtirgan Akmal Qultoev bilan suhbatlashishga to'g'ri keldi. YAna qiziq jihati, hali ostona hatlab kirmagan korxonamizga zavod ishchilarining kirishga ruxsat bermasligidan bu erda Amir Olimxonning xazinasi qo'riqlansa kerak, degan gumonga ham boradi kishi.

Boshqaruvchi esa inter-vyu bera olmasligini, “generalniy” direktori ayni damda poytaxtda ekanligini, zavod hozirda ishlamayotganligini, murojaat qilgan fuqarolarning noxolisligini va qaysidir jihatdan haqligini ham bildirib o'tdi. Bundan tashqari, korxonadan aholi ayganidek badbo'y hid tarqalmasligini ham alohida ta`kidlab o'tdi.

«Agar videodagi ayollar aytib o'tgan kasalliklar zavoddagi ishlab chiqarish bilan bog'liqligini tegishli tashkilotlar isbotlab bersin, marhamat biz javob berishga tayyormiz»,-deydi ish boshqaruvchi.

Birgina shu so'zlarning o'zi ham zavodda bu masala echimi uchun hatto “bosh” qotirib ko'rilmaganini ko'rsatadi. Bundan tashqari, vaziyatni to'liq anglamay-bilmay turib, zavod hududidan yoshgina bir o'spirin yigitchaning qo'l telefoniga bizni tasvirga tushirishi yuqoridagi shubhalarning qanchalar “jon”li ekanligiga ishora qiladi.

Ishini nomiga munosiblashga urinayotgan siyosiy partiyalar

Maqolani tanqidiy ruhda tahlillash jarayonida e`tibor qaratganim bir jihat bo'ldi. YUrtimizda katta siyosiy jarayonga start berildi. Va bu turgan gapki, hech bir partiya e`tiboridan chetda qoladigan hodisa emas. Shu o'rinda mazkur hududdan viloyat, shahar, Oliy majlis deputatligiga o'z nomzodini qo'ygan va saylovda shu erlik xalqning sof ovozi, aniqrog'i bildirgan “ishonch”i bilan g'olib bo'lgan deputatlardan birortasi mazkur masala bilan qiziqdimi yoki yo'qmi bizga qorong'u. Ammo, ijtimoiy tarmoqlarda ovoza bo'lgach, nahotki birorta deputat tashrif buyurmagan bo'lsa?

Xullas, “Xalq demokratik partiyasi” – mavzuda xalq dardi ko'tarilayapti. Axir, sizlar xalq nomidan gapirasiz-ku.

“Adolat sosial demokratik partiyasi” – balki adolatni tiklashga hissa qo'sharsizlar?

“O'zLiDep” – qisqagina nomi o'qib, gap qaysi partiya haqida ketayotganini bilgan bo'lsangiz kerak. Agar tadbirkor to'g'ri yo'lda bo'lsa, qani uni himoyalang. Yoki ochiqchasiga harakatlaridagi xatoni ayting.

“O'zbekiston ekologik partiyasi” – va nihoyat jonlanibsizlar! Bu yog'iga o'z pozisiyangizda qattiq turing. Yoki odamlar, yoki zavod. Masalaga har qanday holda ham ijobiy echim zarur. Bu yog'i ko'proq sizning harakatingizga ham bog'liq.

“Milliy tiklanish demokratik partiyasi”- masalaga aloqamiz yo'q deb chetda tomoshabin bo'lib turmang. Balki aynan siz o'z tashabbusingiz bilan vaziyatni yaxshi tomonga o'zgartira olarsiz.


Xullas, demoqchi bo'lganimiz, ochiqlik-oshkoralik har doim ham qo'llab-quvvatlanmagan. Ammo, OAV xodimlari har doim har qanday masalaga jiddiy va mas`uliyat bilan yondoshishadi. Biz yuqoridagi fikrlarimiz orqali tadbirkorlik sub`ektini qoralamoqchi emasmiz. Agar tadbirkor (qo'shma korxona) davlatga inson hayotidan-da, uning salomatligidan-da muhim narsani ishlab chiqarayotganligini isbotlay olsa, demak, qandini ursin. Omadini bersin! Bundan faqat xursand bo'lamiz. Ammo…
Biz uchun mana shu ammo… degan so'zga hojat qolmasa bo'lgani.

Muqaddas Ismoilova

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here