Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi: Chiroqchi voqealari, jurnalistlar uchun brifing va profilaktika inspektorlariga ham bodikameralar berilishi haqida

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi “Langar” qishlog'ida istiqomat qiluvchi 32 yoshli erkakni mol o'g'irlaganlikda ayblab kaltaklagan va o'ldirib qo'yganlikda gumon qilinayotgan Chiroqchi Ichki ishlar bo'limi xodimlarining xatti-harakati ijtimoiy tarmoqlarda trendga chiqdi.

Voqelik yuzasidan Prokuraturaning bayonoti va marhum yaqinlarining OAVga bergan interv-yulari zo'ravonlarga chora ko'rishni taqazo etadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar va turli fikrlarga aniqlik kiritish, jurnalist hamda blogerlarning savollariga ochiq javob berish maqsadida bugun O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan Qashqadaryo viloyatida brifing o'tkazildi.

Brifing haqida avvalroq ham saytimizda ma`lumot bergan edik.
Biroq, brifingda hamma ma`lumotlar ham ochiqlanmadi. Aybdorlar haqida aniq ma`lumot berilmadi va bunga sabab qilib tergov ishlari davom etayotgani ko'rsatildi.

“Nasafnews” muxbiri brifingdan so'ng, Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G'iyosovga ayrim savollar bilan yuzlandi.

Brifingda ichki ishlar xodimlarining fuqarolar bilan muloqotini nazorat qilish maqsadida bodikameralar joriy etilish haqida ham aytib o'tdingiz? Aytingchi, bu tizim qay tartibda amalga oshiriladi?

-Barcha ichki ishlar tizimidagi yo'l-patrul xizmati inspektorlarini bodikameralar bilan ta`minladik. Endilikda ikkinchi reja sifatida barcha post-patrul va jamoat tartibini saqlash xodimlarini bodikamerlar bilan ta`minlashni reja qilib turibmiz. Bu «xavfsiz shahar», «xavfsiz hudud» konsepsiyasi asosida, yaqin kelajakda amalga oshiriladi. YA`ni barcha fuqarolar bilan ishlaydigan xodimlarimizni bodikameralar orqali nazorat qilamiz. Tergovchilar haqida gapiradigan bo'lsak, ularning har bir tergov bilan bog'liq harakati kamera orqali amalga oshiriladi. Shuning uchun ularga bodikamera shart emas.

Aytingchi, ichki ishlar xodimi shunday zo'ravonlik qilishi mumkinmi? Unga kasb etikasi degan tushuncha yotmi? Zo'ravonlarga vazirlik qanday choralarni ko'radi?

-YUqoridagi holatni achinarli deb hisoblayman.Ichki ishlar organlari tizimida zo'ravonlik umuman yo'q qilinishi kerak. Biz bunga barham bermasak, xalqimiz o'rtasida obro'-e`tiborimiz bo'lmaydi.
Bitta xodim nomaqbul harakati bilan Ichki ishlar organlari xodimi nomiga dog' tushirsa, shuncha qilgan mehnatimiz bir tiyin bo'lib qoladi. Vazirlik tomonidan hozirda xodimlar o'rtasida nazorat o'tkazishga katta e`tibor berilmoqda.

Shuningdek , vazir matbuot kotibi 2019 yil davomida IIV tizimida xizmat intizomini buzgan 7037 nafar xodimga chora ko'rilgani, 133 nafari  jinoiy javobgarlikka tortilganini haqida ham ma`lumot bergan.

Dilshod Nabiev yozib oldi.

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here