Umra safari qachon boshlanadi, to'lovi qancha? Muhim savollarga javoblar

Ayni kunlarda umra ziyorati bo'yicha juda ko'p savollar bo'lmoqda. O'zbekiston musulmonlari idorasi ushbu savollarga quyidagi javoblarni taqdim etdi.

Umra safari qachondan boshlanadi?

– 2022 yil 22 yanvar- kuni birinchi reysni Saudiya Arabistoniga uchirishga tayyorgarlik ko'rilmoqda. Shundan so'ng 25, 28 yanvar- kunlari ham navbatdagi reyslar amalga oshiriladi. Kelgusida muborak safarga reyslarni sezilarli darajada oshirib boriladi.

Boshlanayotgan umra safariga qachon ro'yxatga yozilgan fuqarolar jo'natiladi?

– Joriy umra mavsumida birinchi navbatda pandemiyadan oldin, ya`ni 2020 yil fevral- oyi oxiriga qadar umra ziyorati uchun to'lovlarni amalga oshirib, safarga bora olmagan fuqarolar yuboriladi.

Umra to'lovi qancha etib belgilandi?

– Qayd etilganidek, pandemiyadan oldin, ya`ni 2020 yil fevral- oyiga qadar umra ziyorati uchun oxirgi belgilangan to'lovlarni amalga oshirganlar qo'shimcha ravishda 4.770.000 so'm mablag' to'laydilar. Ushbu qo'shimcha to'lovni belgilashda, mehmonxonalarda ziyoratchilarning xonalarga, avtobuslarda o'rindiqlarga joylashtirishda oraliq masofa hisobiga 50 foizgacha qisqartirilish, oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlangan holda tarqatish, o'rnatilgan boshqa karantin tartib-qoidalarni ta`minlash, 15 foiz Saudiya QQS solig'i kabi sarf-xarajatlar ham hisobga olingan. Shuningdek, Makka va Madina shaharlarida eng zamonaviy mehmonxonalar ziyoratchilarimizga xizmat qiladi.

Mazkur to'lovlarni amalga oshirishda ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida, «Aloqabank» ATning barcha filiallarida har kuni, hatto shanba va yakshanba kunlari ham Umra to'lovlari qabul qilinadi.

Ziyoratchilar uchun qaysi vaksina bilan emlanish talab etiladi?

– Umra safariga boruvchi fuqaro COVID-19ga qarshi Astra-Zeneca, Moderna, Pfizer yoki Jonson & Jonson vaksinalari bilan to'liq emlanib, sertifikatga ega bo'lishi lozim. Talab qilingan vaksinalarni emas, balki Sputnik V va O'zbekiston-Xitoy kabi vaksinalar bilan to'liq emlangan fuqarolar yuqorida sanalgan vaksinalaridan biri bilan 1 marta emlanishi kifoya qiladi.

Saudiya Arabistonida umra amalini ado etish qilish uchun dastur orqali navbatga turish tartibi qanday?

– Har bir ziyoratchida smartfon (Samsung, Ayfon yoki boshqa turdagi sensor) telefoni bo'lishi talab etiladi. Android telefon uchun PlayMarket va IOS mobil- qurilma uchun AppStoredan «توكلنا» («Tawakkalna») va «اعتمرنا» – («Eatmarna») elektron dasturlari yuklatilgan bo'lishi lozim. Mazkur dasturlar telefonda «geolokasiya» va «internet» yoqilgandagina ishlaydi. Bu dasturlar ziyoratchi Saudiya Arabistoni davlat chegarasidan o'tib, Madina shahrida tegishli ma`lumotlar bilan to'ldirilgandan keyingina ishga tushadi.

Ziyoratchi Saudiyaga etib borishi bilan Saudiya mobil- aloqa operatori sim kartasini xarid qiladi va internet to'plamini ishga tushiradi. Sim kartani aeroportda yoki Madina shahridagi mehmonxonada xarid qilish mumkin bo'ladi.

«Umra qilish mobil- dasturi» ziyoratchiga 1 martagina umra amalini bajarishga va faqat 5 mahal namozga chiqishiga ruxsat berishi mumkin. Qayta umra qilish uchun «Tawakkalna» va «Eatmarna» orqali so'rovnoma beriladi. Tizim ruxsat bergan muddatda «Oisha ona» – Tan`iym masjididan ehromga kirib keyin yana umra amalini ado etishi mumkin.

Saudiya Arabistonida qanday karantin talablari o'rnatilgan?

– Saudiya Arabistoni hududiga umra ziyorati uchun kirayotgan xorijlik fuqaro talab etilgan vaksinalar bilan emlangan bo'lib, bu to'g'ridagi sertifikatga va 48 soatlik PЦR testiga ega bo'lishi, ziyoratchi o'zi bilan 30 ta tibbiy niqob olishi (har 4 soatda almashtirish uchun) va Saudiya Arabistonida doimiy tibbiy niqobda yurishi va oraliq masofaga rioya qilinishi belgilangan. Ta`kidlash kerakki, tibbiy niqob taqmaganlik uchun 300 AQSh dollari miqdorida jarima belgilagan. Ziyoratchilar umra safari yakunida Vatanga qaytishdan avval o'z hisoblaridan Makka shahridagi mehmonxonada PЦR test topshirishlari kerak bo'ladi.

Umra safari uchun yangi navbatlar qaerda yoziladi?

– 18 yoshdan katta bo'lgan O'zbekiston fuqarosi umra safariga borish uchun o'zi ro'yxatda turgan mahalla fuqarolar yig'iniga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan chiqib, umra safari uchun ochilgan maxsus daftarga ro'yxatga yoziladi va shu haqdagi ma`lumotnomani oladi.

Ushbu daftar bo'yicha navbati kelgan fuqaroni MFY tuman-shaharga tavsiya beradi. So'ng hududdagi poliklinikada tibbiy ko'rikdan o'tadi. Natijalar yaxshi chiqsa, umra uchun belgilangan to'lov summasini to'laydi. Shuningdek, xorijga chiqish pasporti, tibbiy ko'rikdan o'tgani, vaksina olgani to'g'risidagi ma`lumot va sertifikat va to'lov qog'ozining nusxasini taqdim qiladi.

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here