Buxoroda tahsil olayotgan qashqadaryolik talaba o'lik holda topildi. Marhumning yaqinlari talabaning o'limi uyushtirilganini aytmoqda

2021 yilning 23 noyabr- kuni Toshkent Irrigasiya va qishloq xo'jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti Buxoro filialining 2 bosqich talabasi Lochinbek Ergashev Buxoro shahridagi ijarada yashab kelayotgan uyning hammomidan o'lik holda topildi. Bu haqda «Nasafnews»ga xabar qilgan marhum 23 yoshli yigitning yaqinlari uni o'ldirib ketishgan degan gumonga bormoqda.

Ma`lum bo'lishicha, marhum talaba Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani Qutchi qishlog'ida istiqomat qilgan. Buxoro viloyatidagi institut filialiga o'qishga kirgani uchun Buxoro shahridagi uylarning birida ijarada yashab kelgan. Uning vafotiga is gazidan zaharlanish sabab qilib ko'rsatilmoqda. Aytilishicha, marhum 23 noyabr- kuni ijarada yashab kelgan xonadonning uyidagi hammomdan o'lik holda topilgan.

O'lim haqidagi tibbiy guvohnomada organizmni is gazidan zaharlanishi va nafas faoliyati etishmovchiligi o'lim sababi qilib ko'rsatilgan. Ammo marhumning ota onasi vafot etgan o'g'lining jasadida jiddiy tan jarohatlari ko'rganligini aytishmoqda.

«Ekspertiza natijasini 1 oylab kutdik. Natijada esa is gazidan zaharlanish deb ko'rsatishdi. Ammo o'g'lim vafot etgan kuni bizga is gazidan deb aytishmagandi. Qolaversa, ijarada yashab kelgan uyning egalari ham o'g'limni is gazidan zaharlanganini rad etishyapti. Ular menga «o'g'lingni biror kasali bor edimi yoki birortasi bilan tortishib qolganmidi» deyishdi. O'g'limning hech qanday kasali yo'q. U o'z-o'zidan hammomga kirib o'lib qolishiga ishonmayman», – deydi marhum yigitning otasi Hasan Tursunov.


Marhumning tog'asi va otasining qo'shimcha qilishicha, jasadning tanasida jiddiy tan jarohatlari bo'lgan.

«Shu kuni bizning hech qanday ruxsatimizsiz murdani yorib ko'rishgan. Aniq tashxisni bilish uchun. Ammo bu bo'yicha mendan ham onasidan ham ruxsat so'rashmadi. Eng yomoni, o'g'limning jasadini yuvgan yaqinlarimiz uning tanasida jiddiy tan jarohatlarini ko'rishgan. Ko'krak qismi, orqa miya va yuz qismida shilinish va ko'karish bo'lgan. Orqa miyasi esa teshib tashlangan deb aytishdi», – deya qo'shimcha qiladi yigitning otasi Husan Tursunov.

«Hech qachon bolam gazdan o'lmagan. Chunki hamma borib tekshirib keldi. Gaz idorasini mas`ullari ham gazdan emas deb aytishgan. Bu erda qandaydir jinoiy ish bo'lgan», – deya yig'lab gapiradi marhumning onasi.


«Nasafnews» mazkur murojaat yuzasidan dastlab Buxoro shahar prokuraturasining Shaxlo ismli tergovchisi bilan bog'lanishga harakat qilib ko'rdi. Ishni o'rganayotgani aytilgan tergovchi savollarimizni eshitdiyu, keyinroq bog'lanishini xabar qilib, qaytib qo'ng'iroqlarga javob bermadi.

Shundan so'ng, Buxoro viloyati prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Anvar Esanov bilan ham bog'landik. U bu bo'yicha qaror e`lon qilingani, jinoyat ishi qo'zg'atish rad etilganini ma`lum qildi va marhumning otasiga bu borada tushuntirish berilganini aytdi.

Voqea haqida batafsil tayyorlangan mazkur videoreportajda ham ma`lumotga ega bo'lish mumkin:



Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here